9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan, shuningdek joriy yilning noyabr–dekabr oylarida o‘tkazilayotgan “Aksilkorrupsiyaga oyligi” doirasida 11-noyabr kuni “Mineral resurslar instituti” davlat muassasasi bo‘linmalari o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni institut direktor o‘rinbosari Sh.M. Axmedov ochib berdi va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, halollik va adolat tamoyillariga asoslangan faoliyat yuritishning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng U.Sh. Raupov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida sharh” mavzusida seminar o‘tkazildi. Unda korrupsiyaning huquqiy jihatlari, mavjud qonunlar talablari, shuningdek, korrupsion holatlarning oldini olishning amaliy yo‘llari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir doirasida institut ishchi guruhi tomonidan korrupsiya mavzusida ijodiy tanlov ham tashkil etildi. Tanlov ishtirokchilari o‘z bilim va iste’dodlarini quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha namoyon etishdi:
“Aksilkorrupsiyaga bilimdoni” — R. Karimov;
“Eng yaxshi sher” — Sh. Turayev;
“Eng yaxshi rasm” — D. Vohidova;
“Eng yaxshi maqola” — R. Uzoqov.
G‘oliblar institut rahbariyati tomonidan sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Mazkur tadbir korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlar va talabalar o‘rtasida halollik muhitini mustahkamlash, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo‘yishga xizmat qiladi. Shu kabi ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar jamiyatda adolat, poklik va mas’uliyat qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.





