“Mineral resurslar instituti” DM
Ilmiy kengashi majlisining
2026-yil “__” sentyabrdagi
__-son bayoni bilan tasdiqlangan

Tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc)ga qabul qilishda talabgorlarning ilmiy tadqiqot ishi taqdimotini tayyorlash, taqdim etish va baholash boʻyicha
NIZOM

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1. Mazkur Nizom ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlariga oid ixtisosliklar boʻyicha tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc)ga qabul qilishda talabgorlarning ilmiy tadqiqot ishi taqdimotini tayyorlash, taqdim etish va baholash tartibini belgilaydi.

2. Ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti (keyingi oʻrinlarda - taqdimot) - talabgor rejalashtirayotgan ilmiy tadqiqotning maqsadi, obyekti, ahamiyati va uni amalga oshirish rejasi haqidagi qisqacha maʼlumotni oʻz ichiga oluvchi materialdir.

3. Taqdimot ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlariga oid ixtisosliklar boʻyicha qabul hujjatlari tarkibida taqdim etiladi. Talabgor oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilganda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi orqali ariza yuborganda, taqdimot elektron shaklda qabul hujjatlariga ilova qilinadi.

4. Taqdimotda keltiriladigan maʼlumotlar ishonchli ilmiy, statistik, tahliliy yoki boshqa tegishli manbalarga asoslanishi shart.

5. Taqdimot mazmuniga hamda uni baholashga qoʻyiladigan talablar tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) boʻyicha alohida belgilanadi.

6. Taqdimot mazmuni aniq, qisqa va mantiqiy izchillikda bayon etilishi, uning qismlari oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlib, tadqiqot gʻoyasini yaxlit anglash imkonini berishi tavsiya etiladi.

7. Taqdimot davlat tilida tayyorlanadi. Tashkilotning faoliyat yoʻnalishi yoki ilmiy ixtisoslik xususiyatidan kelib chiqib, taqdimot rus, ingliz yoki boshqa tilda ham tayyorlanishi mumkin. 8. Taqdimotning mazmuni va tuzilishini shakllantirish boʻyicha namunalar mazkur Nizomning 1- va 2-ilovalarida keltirilgan.

2-BOB. TAYANCH DOKTORANTURA (PhD) TAQDIMOTI

Tayanch doktorantura (PhD) taqdimoti talabgorning mustaqil ilmiy tadqiqot olib borishga tayyorligini, ilmiy muammoni anglash, tadqiqot maqsadi va vazifalarini belgilash, asoslangan tadqiqot usullarini tanlash hamda tadqiqotni rejalashtira olish salohiyatini namoyon etadi. Qabul jarayonida talabgordan ilmiy yangilik yoki yakuniy ilmiy natija talab etilmaydi. Asosiy eʼtibor tanlangan ilmiy muammoning asoslanganligiga, tadqiqot qismlarining oʻzaro mantiqiy bogʻliqligiga va taklif etilayotgan tadqiqotni amalga oshirish imkoniyatiga qaratiladi. Taqdimot quyidagi tarkibiy boʻlimlardan iborat boʻlishi mumkin:

1. Tadqiqot mavzusi va talabgor toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar

Ushbu boʻlimda talabgor va rejalashtirilayotgan tadqiqot haqidagi dastlabki maʼlumotlar keltiriladi. Tadqiqot mavzusi tanlangan ilmiy ixtisoslik mazmuniga muvofiq boʻlib, aniq ilmiy muammo yoki masala yechimiga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim. Boʻlimda quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:

- oliy taʼlim yoki ilmiy tashkilotning nomi;

- talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi;

- taʼlim shakliga qabul - tayanch doktorantura (PhD);

- ilmiy ixtisoslikning shifri va nomi;

- rejalashtirilayotgan tadqiqot mavzusi.

2. Tadqiqot mavzusining dolzarbligi va oʻrganilganlik darajasi

Ushbu boʻlimda tadqiqotga asos boʻlayotgan aniq ilmiy muammo yoki masala, uni hozirgi bosqichda oʻrganish zarurati hamda mavzu boʻyicha mavjud ilmiy natijalar qisqacha tahlil qilinadi, shu jumladan hozirgi kunda erishilgan asosiy natijalar va qoʻshimcha tadqiqot talab etadigan masalalar koʻrsatiladi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tadqiqotga asos boʻlayotgan aniq muammo yoki masala;

- mavzuning dolzarbligini tasdiqlovchi asosiy dalillar;

- mahalliy va xorijiy tadqiqotlarda erishilgan asosiy natijalar;

- tadqiqotning yetarlicha oʻrganilmagan yoki hal etilmagan jihatlari;

- yangi tadqiqotni amalga oshirish zarurati;

- foydalanilgan asosiy manbalarga qisqa havolalar.

3. Tadqiqot maqsadi va vazifalari

Tadqiqot maqsadi ilmiy muammodan kelib chiqib shakllantiriladi va tadqiqot natijasida erishilishi koʻzda tutilgan asosiy ilmiy natija yoʻnalishini ifodalaydi. Vazifalar maqsadga erishish uchun bajariladigan asosiy ilmiy ishlar ketma-ketligida, bir-birini takrorlamagan holda beriladi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tadqiqotning aniq va umumlashtiruvchi maqsadi;

- maqsadga erishishga qaratilgan asosiy ilmiy vazifalar;

- vazifalarning oʻzaro mantiqiy ketma-ketligi;

- maqsad va vazifalarning ilmiy muammo bilan bogʻliqligi;

- vazifalar orqali erishilishi kutilayotgan natija yoʻnalishi.

4. Tadqiqot obyekti, predmeti va qamrovi

Tadqiqot obyekti sifatida tadqiqot yoʻnaltirilgan jarayon, tizim, hodisa, texnologiya, munosabat yoki boshqa ilmiy soha; tadqiqot predmeti sifatida esa obyekt doirasida bevosita oʻrganiladigan xususiyat, bogʻliqlik, mexanizm, jarayon yoki usul tushuniladi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tadqiqot obyekti;

- tadqiqot predmeti;

- obyekt va predmet oʻrtasidagi bogʻliqlik;

- ularning tadqiqot maqsadi va vazifalariga muvofiqligi;

- tegishli hollarda hududiy, vaqt, maʼlumot va tajriba qamrovi.

5. Tadqiqot metodologiyasi va usullari

Ushbu boʻlimda tadqiqot qanday ilmiy yondashuv asosida va qaysi usullar orqali amalga oshirilishi koʻrsatiladi. Metodologiya tadqiqotni amalga oshirishning umumiy mantigʻini, usullar esa muayyan vazifalarni bajarish uchun qoʻllaniladigan eksperimental, qiyosiy, statistik, hisoblash, modellashtirish, kuzatish, soʻrov yoki ixtisoslik xususiyatiga mos boshqa ilmiy usullarni qamrab olishi mumkin. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tadqiqotning asosiy metodologik yondashuvi;

- qoʻllaniladigan asosiy ilmiy usullar;

- usullarning tadqiqot vazifalari bilan bogʻliqligi;

- maʼlumotlarni olish, qayta ishlash va tahlil qilish tartibi;

- tadqiqot xususiyatidan kelib chiqadigan maʼlumot, material, dasturiy vosita yoki uskunalar;

- tanlangan usullar orqali kutilayotgan natijalarni olish imkoniyati.

6. Tadqiqot gʻoyasi va kutilayotgan ilmiy ahamiyati

Tadqiqot gʻoyasida talabgorning aniqlangan ilmiy muammoni qaysi yondashuv asosida oʻrganishi, qanday bogʻliqlikni tekshirishi, mavjud yondashuvning qaysi jihatini rivojlantirishi yoki qanday ilmiy yechimni asoslashi yoritiladi. Tadqiqotning ilmiy ahamiyati esa rejalashtirilgan natijalarning fan sohasidagi mavjud bilimlarni qanday toʻldirishi yoki mavjud usul va yondashuvlarni rivojlantirishga qanday asos yaratishi orqali ochib beriladi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tadqiqotning asosiy gʻoyasi;

- tadqiqot orqali aniqlanishi, tekshirilishi yoki asoslanishi kutilayotgan masala;

- taklif etilayotgan yondashuvning mavjud tadqiqotlardan farq qiluvchi yoki ularni toʻldiruvchi jihati;

- kutilayotgan ilmiy natija yoʻnalishi;

- tadqiqotning ilmiy ahamiyati;

- tegishli hollarda natijalarning amaliy qoʻllanish imkoniyati.

7. Tadqiqotni amalga oshirish bosqichlari va ish rejasi

Ushbu boʻlimda tadqiqotning uch yillik davrda amalga oshirilishi, asosiy ilmiy ishlar va oraliq natijalarning bosqichma-bosqich shakllanishi, natijalarni umumlashtirish, dissertatsiyani yakunlash, dastlabki ekspertizadan oʻtkazish hamda uni Ilmiy kengashda himoya qilishgacha boʻlgan umumiy ketma-ketlik aks ettiriladi. Boʻlimda quyidagilar koʻrsatiladi:

- tadqiqotning asosiy bosqichlari va har bir bosqichda bajariladigan asosiy ilmiy ishlar;

- vazifalarning uch yillik davr boʻyicha taqsimlanishi va har bir bosqich yakunidagi kutilayotgan oraliq natijalar;

- bosqichlar va oraliq natijalarning oʻzaro mantiqiy bogʻliqligi;

- dissertatsiya bajarilgan muassasada uni dastlabki ekspertizadan oʻtkazish;

- dissertatsiyani himoyaga taqdim etish va Ilmiy kengashda himoya qilish;

- tadqiqot va dissertatsiya ishini belgilangan uch yillik muddatda yakunlash imkoniyati.

8. Tadqiqotni amalga oshirish imkoniyati va yakuniy asoslash

Ushbu boʻlimda talabgor rejalashtirgan tadqiqotni amalga oshirish uchun mavjud yoki jalb etilishi mumkin boʻlgan asosiy imkoniyatlar baholanadi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tadqiqot uchun asosiy maʼlumotlar, materiallar va tadqiqot bazasi;

- tegishli hollarda laboratoriya, uskuna, dasturiy vosita yoki boshqa resurslar hamda ulardan foydalanish imkoniyati;

- tadqiqotni uch yilda amalga oshirish imkoni mavjudligi;

- tadqiqotni amalga oshirishdagi asosiy qiyinchilik yoki cheklovlar;

- tadqiqot muammosi, maqsadi, metodologiyasi, gʻoyasi va rejasining umumiy muvofiqligi;

- tadqiqotni amalga oshirishning yakuniy ilmiy asosi.

Taqdimotning tarkibiy boʻlimlari tuzilishini shakllantirish boʻyicha namuna mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan.

3-BOB. DOKTORANTURA (DSc) TAQDIMOTI

Doktorantura (DSc) taqdimotida talabgorning avvalgi ilmiy natijalari va tajribasiga tayangan holda yangi ilmiy muammoni belgilashi, uni hal etish konsepsiyasini asoslashi, kutilayotgan ilmiy yangilik hamda ilmiy-amaliy ahamiyati va tadqiqotni amalga oshirish strategiyasi koʻrsatiladi. Talabgor avvalgi tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda fan sohasidagi mavjud holatni tanqidiy tahlil qiladi, hal etilmagan ilmiy masalani ajratadi hamda uni yangi ilmiy natijaga olib boruvchi konseptual va metodologik yondashuv asosida tadqiq etish boʻyicha takliflarini ifodalaydi. Doktorantura (DSc) taqdimoti quyidagi tarkibiy boʻlimlardan iborat boʻlishi mumkin:

1. Tadqiqot mavzusi va talabgor toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar

Ushbu boʻlimda talabgor va rejalashtirilayotgan doktorantura tadqiqoti haqidagi asosiy maʼlumotlar keltiriladi. Tadqiqot mavzusi tanlangan ilmiy ixtisoslikka muvofiq boʻlib, unda talabgorning avvalgi ilmiy ishlari takrori emas, balki ulardan kelib chiqadigan yangi yoki yuqori darajadagi ilmiy muammo ifodalanadi. Doktorantura tadqiqoti tayanch doktorantura dissertatsiyasi yoki keyingi ilmiy ishlarning mantiqiy davomi boʻlsa, mavzuning yangi ilmiy bosqichi va avvalgi tadqiqotdan farq qiluvchi jihati koʻrsatiladi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- oliy taʼlim yoki ilmiy tashkilotning nomi;

- talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi;

- taʼlim shakliga qabul - tayanch doktorantura (PhD);

- ilmiy ixtisoslikning shifri va nomi;

- rejalashtirilayotgan tadqiqot mavzusi.

2. Avvalgi ilmiy natijalar va ularning rejalashtirilayotgan tadqiqot bilan bogʻliqligi

Ushbu boʻlimda talabgorning tayanch doktorantura (PhD) dissertatsiyasi natijasida yoki keyingi ilmiy faoliyati doirasida erishgan, aynan rejalashtirilayotgan doktorantura (DSc) tadqiqotiga daxldor asosiy ilmiy natijalari yoritiladi. Ilmiy maqolalar, monografiyalar yoki boshqa ishlar roʻyxati bilan birga, asosiy eʼtibor qanday ilmiy masalalar hal etilgani va qanday natijalarga erishilganiga qaratiladi. Avvalgi natijalar doktorantura (DSc) tadqiqotining boshlangʻich ilmiy asosi sifatida koʻrsatilib, oldingi va yangi tadqiqot oʻrtasidagi uzviylik ochib beriladi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tayanch doktorantura (PhD) dissertatsiyasi yoki keyingi ilmiy faoliyat doirasida olingan asosiy natijalar;

- ushbu natijalar orqali hal etilgan ilmiy masalalar va ularning ilmiy yoki amaliy ahamiyati;

- rejalashtirilayotgan doktorantura (DSc) tadqiqotiga bevosita daxldor natijalar;

- avvalgi natijalarning yangi tadqiqot muammosiga uzviy bogʻliqligi;

- – doktorantura (DSc) tadqiqotining avvalgi ishlardan farq qiluvchi yangi yoʻnalishi.

3. Ilmiy muammoning zamonaviy holati va hal etilmagan jihatlari

Ushbu boʻlimda rejalashtirilayotgan tadqiqot yoʻnalishi boʻyicha zamonaviy ilmiy holat tahlil qilinadi: mahalliy va xorijiy tadqiqotlarda erishilgan muhim natijalar, mavjud ilmiy yondashuv va yechimlar hamda ularning yetarli boʻlmagan jihatlari koʻrsatiladi. Talabgor mavjud bilim va yechimlarni qiyosiy hamda tanqidiy tahlil qilib, aynan qaysi ilmiy masala hal etilmaganini va uni tadqiq etish doktorlik dissertatsiyasi darajasidagi tadqiqotni talab qilishini asoslab beradi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tadqiqot yoʻnalishining zamonaviy ilmiy holati;

- mahalliy va xorijiy tadqiqotlarning asosiy natijalari;

- mavjud nazariya, usul, model, texnologiya yoki boshqa ilmiy yechimlar hamda ularning yetarli boʻlmagan jihatlari;

- qoʻshimcha tadqiqot talab etadigan masalalar;

- tadqiqot doirasida hal etilishi rejalashtirilayotgan asosiy ilmiy muammo;

- foydalanilgan asosiy ilmiy manbalarga havolalar.

4. Tadqiqot konsepsiyasi, maqsadi va asosiy vazifalari

Tadqiqot konsepsiyasida aniqlangan ilmiy muammoni hal etishga qaratilgan asosiy ilmiy gʻoya, yondashuv va tadqiqot mantigʻi, jumladan talabgor muammoni qanday ilmiy nuqtayi nazardan hal etishni rejalashtirayotgani ochib beriladi. Tadqiqot maqsadi konsepsiyadan kelib chiqib shakllantiriladi, asosiy vazifalar esa mazkur maqsadga erishish uchun hal etiladigan oʻzaro bogʻliq ilmiy masalalardan tashkil topadi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- hal etilishi rejalashtirilayotgan asosiy ilmiy muammo;

- tadqiqotning asosiy konsepsiyasi va uning mavjud ilmiy holatdan kelib chiqishi;

- tadqiqot maqsadi;

- maqsadga erishishga qaratilgan asosiy ilmiy vazifalar va ularning oʻzaro mantiqiy ketma-ketligi;

- vazifalar orqali erishilishi kutilayotgan ilmiy natija yoʻnalishlari.

5. Tadqiqot obyekti, predmeti va qamrovi

Tadqiqot obyekti sifatida rejalashtirilayotgan doktorantura tadqiqoti yoʻnaltirilgan jarayon, tizim, hodisa, texnologiya, munosabat yoki boshqa ilmiy soha; tadqiqot predmeti sifatida esa obyekt doirasida bevosita oʻrganiladigan xususiyat, bogʻliqlik, mexanizm, qonuniyat, jarayon yoki boshqa ilmiy jihat tushuniladi. Obyekt va predmet ilmiy muammo, konsepsiya, maqsad va vazifalar bilan oʻzaro muvofiq holda belgilanadi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tadqiqot obyekti;

- tadqiqot predmeti;

- obyekt va predmetning ilmiy muammo bilan bogʻliqligi hamda tadqiqot konsepsiyasi, maqsadi va vazifalariga muvofiqligi;

- tadqiqot xususiyatidan kelib chiqib hudud, vaqt, maʼlumot, tanlanma, eksperiment yoki boshqa tadqiqot qamrovi.

6. Tadqiqot metodologiyasi va usullari

Ushbu boʻlimda doktorantura tadqiqotini amalga oshirishning umumiy metodologik yondashuvi va ilmiy vazifalarni hal etish uchun qoʻllaniladigan usullar tizimi bayon etiladi. Metodologiya faqat usullar roʻyxatidan iborat boʻlmay, talabgor qaysi vazifa uchun qanday maʼlumot zarurligini, u qanday usul bilan olinishi va tahlil qilinishini, natijalar qanday tekshirilishi yoki qiyoslanishini hamda ular asosida ilmiy xulosa qanday shakllantirilishini koʻrsatadi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tadqiqotning asosiy metodologik yondashuvi va qoʻllaniladigan asosiy ilmiy usullar;

- har bir usulning tegishli tadqiqot vazifasi bilan bogʻliqligi;

- zarur maʼlumot, material yoki eksperiment natijalarini olish, qayta ishlash, tahlil qilish va qiyoslash tartibi;

- usullarning oʻzaro bogʻliqligi va qoʻllash ketma-ketligi;

- natijalarning ishonchliligini baholash yoki tekshirish usullari;

- tanlangan metodologiyaning kutilayotgan ilmiy natijalarni olish imkoniyati.

7. Kutilayotgan ilmiy yangilik

Ushbu boʻlimda rejalashtirilayotgan doktorantura tadqiqoti natijasida olinishi kutilayotgan yangi ilmiy natijalar va ularning mavjud ilmiy bilim yoki yechimlardan farqi ochib beriladi. Taqdimotda tadqiqot natijalari yakunlangan emas, balki kutilayotgan ilmiy natija sifatida bayon etiladi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- olinishi kutilayotgan asosiy yangi ilmiy natijalar va ular hal etadigan ilmiy masalalar;

- natijalarning mavjud bilim, usul, model, nazariya yoki boshqa yechimlardan farqi;

- kutilayotgan yangilikning tadqiqot vazifalari bilan bogʻliqligi;

- kutilayotgan natijalarning avvalgi PhD va boshqa tadqiqot natijalaridan farqi;

- ilmiy yangilikni olish uchun asos boʻluvchi metodologik yondashuv.

8. Kutilayotgan natijalarning ilmiy va amaliy ahamiyati

Ushbu boʻlimda kutilayotgan natijalarning ilmiy va amaliy ahamiyati alohida ochib beriladi. Ilmiy ahamiyat natijalarning mavjud ilmiy bilim, nazariya, metodologiya, usul yoki yondashuvlarni qanday toʻldirishi yoki rivojlantirishi bilan; amaliy ahamiyat esa natijalardan qaysi soha, jarayon, texnologiya yoki boshqaruv tizimida foydalanish mumkinligi bilan ifodalanadi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- kutilayotgan natijalarning ilmiy ahamiyati va mavjud bilim, nazariya, usul yoki yondashuvlarni rivojlantirishdagi oʻrni;

- kutilayotgan natijalarning amaliy ahamiyati va foydalanish mumkin boʻlgan soha, jarayon yoki obyekt;

- tegishli hollarda natijalarni amaliyotga tatbiq etish yoʻnalishlari;

- ilmiy va amaliy ahamiyatning kutilayotgan ilmiy yangilik bilan bogʻliqligi.

 

9. Tadqiqotni amalga oshirish strategiyasi, bosqichlari va yakuniy asoslash

Ushbu boʻlimda doktorantura tadqiqotining uch yil davomida qanday ilmiy strategiya asosida amalga oshirilishi, asosiy bosqichlari, har bir bosqichda bajariladigan ishlar va kutilayotgan oraliq natijalar koʻrsatiladi. Talabgor dissertatsiya tadqiqotini amalga oshirish tajribasiga ega ekanligi inobatga olinib, rejada "adabiyotlar oʻrganiladi — tajribalar oʻtkaziladi — dissertatsiya yoziladi" kabi umumiy masalalar emas, balki ilmiy vazifalardan kutilayotgan yangilikkacha boʻlgan mantiqiy ketma-ketlik aks ettiriladi. Yakuniy bosqichda dissertatsiya matnini tayyorlash bilan cheklanmasdan, natijalarni umumlashtirish, ilmiy yangilik va ahamiyatni asoslash, dastlabki ekspertizadan oʻtkazish, dissertatsiyani himoyaga taqdim etish hamda Ilmiy kengashda himoya qilish jarayonlari ham nazarda tutiladi. Boʻlimda quyidagilar aks ettiriladi:

- tadqiqotni amalga oshirishning umumiy ilmiy strategiyasi va asosiy bosqichlari;

- har bir bosqichda bajariladigan asosiy ilmiy ishlar hamda vazifalarning uch yillik davr boʻyicha taqsimlanishi;

- har bir bosqich yakunida kutilayotgan oraliq ilmiy natijalar va ularning oʻzaro mantiqiy bogʻliqligi;

- kutilayotgan ilmiy yangiliklarning shakllanish bosqichlari;

- natijalarni umumlashtirish va dissertatsiyani yakunlash;

- dissertatsiya bajarilgan muassasada uni dastlabki ekspertizadan oʻtkazish;

- dissertatsiyani himoyaga taqdim etish va Ilmiy kengashda himoya qilish;

- tadqiqotni belgilangan uch yillik muddatda amalga oshirish imkoniyati;

- tadqiqot konsepsiyasi, metodologiyasi, kutilayotgan natijalari va amalga oshirish strategiyasining umumiy muvofiqligi.

Doktorantura (DSc) taqdimotining tarkibiy boʻlimlari tuzilishini shakllantirish boʻyicha namuna mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan.

4-BOB. TAYANCH DOKTORANTURA (PhD) VA DOKTORANTURA (DSc)GA TALABGORLARNING ILMIY TADQIQOT ISHI TAQDIMOTINI BAHOLASH TARTIBI VA MEZONLARI

Talabgorning ilmiy tadqiqot ishi taqdimotini baholashda uning taqdimot mazmuniga qoʻyilgan talablarni qay darajada bajargani, tadqiqotning ilmiy asoslanganligi hamda uni mustaqil tushuntirib va asoslab bera olishi inobatga olinadi.

Baholash oldindan belgilangan mezonlar asosida ball qoʻyish orqali amalga oshiriladi. Taqdimot mazmunida nazarda tutilmagan qoʻshimcha talablar yoki baholash shartlaridan foydalanilmaydi.

Talabgorlarni baholash ularning ilmiy tayyorgarlik darajasi va mazkur Nizomning 2- va 3-boblarida belgilangan taqdimot mazmunidan kelib chiqib, tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) boʻyicha alohida amalga oshiriladi.

Tayanch doktorantura (PhD)ga qabulda talabgorni baholashda ilmiy muammoni aniqlash va uning dolzarbligini asoslash, mavzuning oʻrganilganlik darajasini tahlil qilish, maqsad va vazifalarni shakllantirish, tadqiqot obyekti va predmetini belgilash, metodologiya va usullarni asoslash, tadqiqot gʻoyasi va uning ilmiy ahamiyatini ifodalash, tadqiqotni amalga oshirishni rejalashtirish hamda taqdimot mazmunini ogʻzaki asoslab berish qobiliyati eʼtiborga olinadi.

Doktorantura (DSc)ga qabulda talabgorni baholashda avvalgi ilmiy natijalarning rejalashtirilayotgan tadqiqot bilan bogʻliqligi, ilmiy muammoning zamonaviy holatini tanqidiy tahlil qilishi, tadqiqot konsepsiyasini shakllantirishi, metodologik yondashuvlarni asoslashi, kutilayotgan ilmiy yangilikni aniq ifodalashi, uning ilmiy va amaliy ahamiyatini ochib berishi, tadqiqotni amalga oshirish strategiyasini belgilashi hamda oʻz ilmiy pozitsiyasini asoslab berishi kabi qobiliyatlari baholanadi.

Talabgorning ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti 100 ballik tizimda baholanadi. Baholash mezonlari taqdimotning tegishli tarkibiy boʻlimlari hamda ogʻzaki taqdimot va savol-javob natijalarini qamrab oladi. Har bir mezon boʻyicha baholanadigan koʻrsatkichlar, ball berish shartlari va eng yuqori ball oldindan belgilanadi.

Har bir komissiya aʼzosi talabgorni mustaqil ravishda, alohida baholab, tegishli baholash jadvalini toʻldiradi. Baholash jarayonida komissiya aʼzolarining bir-biriga taʼsir oʻtkazishi maqsadga muvofiq emas.

Har bir koʻrsatkich boʻyicha ball tegishli shartlarning bajarilganligidan kelib chiqib belgilanadi. Koʻrsatkich uchun nazarda tutilgan eng yuqori balldan kam ball qoʻyilganda, bajarilmagan shart yoki ballning kamaytirilishiga asos boʻlgan aniq holat baholash jadvalida qayd etiladi.

Komissiya aʼzolari qoʻygan umumiy ballar asosida talabgorning taqdimot boʻyicha yakuniy natijasi ularning oʻrtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi.

Baholash yakunlanganidan soʻng talabgorga uning yakuniy balli maʼlum qilinadi. Baholash jadvallari va natijalari qoʻyilgan ballni mezonlar kesimida keyinchalik tekshirish imkonini beradigan shaklda rasmiylashtiriladi va belgilangan tartibda saqlanadi.

Tayanch doktorantura (PhD)ga talabgorlar uchun baholash mezonlari, koʻrsatkichlari, ball berish shartlari va ularning taqsimoti mazkur Nizomning 3-ilovasida, doktorantura (DSc)ga talabgorlar uchun esa 4-ilovasida keltirilgan.

5-BOB. TAQDIMOTNI TASHKIL ETISH VA OʻTKAZISH TARTIBI

Talabgorlarning ilmiy tadqiqot ishi taqdimotini tashkil etish va oʻtkazishda barcha talabgorlar uchun teng sharoit yaratish, yagona yondashuvni qoʻllash, baholashning xolisligi va jarayonning shaffofligini taʼminlash asosiy tamoyillar hisoblanadi.

Taqdimot oʻtkaziladigan sana, vaqt, joy, uning formati, taqdimot va savol-javob uchun ajratiladigan vaqt hamda tashkiliy shartlar oliy taʼlim yoki ilmiy tashkilot tomonidan oldindan belgilanib, talabgorlarga maʼlum qilinadi. Barcha talabgorlarga teng tashkiliy sharoit hamda bir xil vaqt ajratiladi.

Taqdimotlarni koʻrib chiqish va baholash uchun oliy taʼlim yoki ilmiy tashkilot tomonidan talabgor tanlagan ilmiy ixtisoslik va tadqiqot yoʻnalishi xususiyatlarini inobatga olgan holda komissiya shakllantiriladi. Komissiya tarkibi taqdim etilgan tadqiqotni mazmunan baholash imkonini beruvchi tegishli ilmiy malaka va tajribaga ega kamida 5 nafar mutaxassisdan tashkil etiladi.

Komissiya aʼzosining talabgor bilan bogʻliq manfaatlar toʻqnashuvi yoki baholash xolisligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa holati mavjud boʻlsa, uning mazkur talabgorni baholashda ishtirok etishi maqsadga muvofiq emas.

Taqdimot va komissiya bilan savol-javob jarayoni videokuzatuv ostida (onlayn translyatsiya) oʻtkazilishi tavsiya etiladi.

Talabgor taqdimot jarayonida oʻz tadqiqot taklifining asosiy mazmunini mustaqil bayon etadi. Bunda taqdimot matnini toʻliq oʻqib berish bilan cheklanmasdan, ilmiy muammo, tadqiqot maqsadi va vazifalari, metodologik yondashuv, kutilayotgan natijalar hamda tadqiqotni amalga oshirish rejasini tushuntirib beradi.

Taqdimot yakunlanganidan soʻng komissiya aʼzolari talabgorga rejalashtirilayotgan tadqiqot mazmuniga oid savollar beradi. Savollar talabgorning taqdimotda bayon etilgan ilmiy gʻoyani anglashi, tanlangan yondashuv va usullarni asoslay olishi hamda tadqiqotni amalga oshirish mantigʻini tushuntirish qobiliyatini baholashga qaratiladi.

Talabgorning ilmiy tadqiqot ishi taqdimotini baholash ikki bosqichda tashkil etiladi: birinchi bosqichda komissiya aʼzolari hujjat topshirish jarayonida taqdim etilgan materiallar bilan oldindan tanishib, mazkur Nizomning 3- va 4-ilovalarida belgilangan koʻrsatkichlar boʻyicha dastlabki qaydlar va ballarni shakllantiradi; ikkinchi bosqichda talabgorning ogʻzaki taqdimoti va savol-javob natijalari baholanadi hamda komissiya aʼzosi barcha koʻrsatkichlarni inobatga olgan holda baholash jadvalini yakuniy rasmiylashtiradi.

Har bir komissiya aʼzosi talabgorning taqdimoti va savol-javob natijalarini mustaqil baholaydi. Savollar talabgorlarning tadqiqot mavzulari xususiyatidan kelib chiqib farq qilishi mumkin, biroq ularning mazmuniy yoʻnalishi va murakkablik darajasi barcha talabgorlar uchun bir xil boʻlishi tavsiya etiladi.

6-BOB. APELLYATSIYA BERISH TARTIBI

Talabgor taqdimot natijasi eʼlon qilingan kundan boshlab 1 kun ichida oliy taʼlim yoki ilmiy tashkilotga yozma apellyatsiya arizasini topshiradi, unda qaysi mezon(lar) boʻyicha norozilik bildirilayotgani asoslab koʻrsatiladi.

Tashkilot apellyatsiyani shu kuniyoq roʻyxatga oladi va koʻrib chiqish uchun dastlabki baholashda ishtirok etmagan aʼzolardan iborat alohida apellyatsiya komissiyasini shakllantiradi.

Apellyatsiya komissiyasi talabgorning taqdimot materiallari, baholash jadvallari va videoyozuvlarni (mavjud boʻlsa) oʻrganadi, zarur boʻlganda talabgorni qoʻshimcha tushuntirish uchun taklif etadi.

Komissiya koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ovoz koʻpchiligi asosida asoslangan qaror qabul qiladi — dastlabki ballni oʻzgarishsiz qoldirish yoki uni qayta koʻrib chiqish.

Qaror 3 kun ichida talabgorga yozma shaklda (asoslari bilan) yetkaziladi. Ushbu qaror yakuniy hisoblanadi va faqat qonunchilikda belgilangan tartibda qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

7-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

Mazkur Nizomda nazarda tutilgan talablar ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlariga oid ixtisosliklar boʻyicha tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc)ga qabul qilishda ilmiy tadqiqot ishi taqdimotini tayyorlash, taqdim etish va baholash jarayonida qoʻllanish uchun tavsiya etiladi.

Oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar tomonidan qabul jarayoni boshlanishidan oldin talabgorlarga taqdimot mazmuniga qoʻyiladigan talablar, uni oʻtkazish tartibi hamda baholash mezonlari bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.

Mazkur Nizomning ilovalarida tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) uchun baholash mezonlari, koʻrsatkichlari va ball berish shartlari, shuningdek taqdimotning tarkibiy boʻlimlarini shakllantirish boʻyicha namunalar keltirilgan.

Taqdimotni baholash natijalari yuzasidan apellyatsiya shikoyatlari, shuningdek mazkur Nizomda tartibga solinmagan qabul jarayoni bilan bogʻliq masalalar oliy taʼlimdan keyingi taʼlim sohasidagi va tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.

Fayllar