TOGʻ-KON SANOATI VA GEOLOGIYA VAZIRLIGI
GEOLOGIYA FANLARI UNIVERSITETI
"MINERAL RESURSLAR INSTITUTI" DAVLAT MUASSASASI

“FOYDALI QAZILMA KONLARINI GEOLOGIK, MINERALOGIK OʻRGANISH, ULARNI QAZIB OLISH, BOYITISH VA FOYDALI KOMPONENTLARINI AJRATIB OLISH TEXNOLOGIYALARINING INNOVATSION YOʻNALISHLARI”

 

Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Geologiya fanlari universiteti
2024 yil 22 avgust

 

Hurmatli hamkasblar!

 

Oʻzbekiston hududidagi mineral xomashyo va metallurgiyani oʻrganish tarixi qadim zamonlarga borib taqaladi. Miloddan avvalgi V asrda Gerodot Orol dengizidan Nurota togʻlarigacha “oltin koʻp”ligini dunyoga eʼlon qilganini maktab kunlarimizdan eslaymiz. Chirchiq daryosi havzasida miloddan avvalgi I mingyillik boshlariga oid inson ishtirokida qayta yotqizilgan daryo choʻkindilari qatlamlaridan arxeologlar tomonidan aniqlangan konchilikda foydalaniladigan bronza va qayil kabi kon buyumlarini quyish uchun qoliplar topilmalari bu yerda sochma oltin konlari qazib olinganidan darak beradi. VIII asr boshidan “Amu daryosi boʻyida joylashgan oʻlkada” va Chirchiqning yuqori oqimida mavjud sochma oltin va uni qazib olish toʻgʻrisidagi xabarlar dunyoning koʻp joylariga tarqala boshladi.

Jahonga mashhur buyuk olimlar – Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Forobiy va boshqalar X asr muqaddam oʻz asarlarida Oʻzbekiston hududida oltin, rangli metallar konlari, qimmatbaho toshlar borligi haqida maʼlumot berganlar.

Ajdodlarining boy anʼanalariga amal qilgan holda, XX asrning zamonaviy geologlari H.M. Abdullayev, X.T. Toʻlaganov, I.X. Xamraboyev, X.N. Baymuhamedov,

A.V. Korolev, P.A. Shextman, K.L. Boboyev. T.N. Dalimov va boshqalar oʻzbek geologiyasi rivojiga katta hissa qoʻshdilar. Ular tashkil qilgan ilmiy maktablar bebaho boʻlib, hozir ham geologiya fanida muhim oʻrin tutadi.

Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasi koʻplab foydali qazilmalar va zaxiralar boʻyicha jahon bozoridagi oʻz mavqeini mustahkamlab oldi. Respublikamizda 80 turdagi foydali qazilmalarning uch mingdan ortiq konlari aniqlangan. Oltin, uran, mis, gaz kabi foydali qazilmalarning zaxiralari va ularni qazib olish boʻyicha yetakchi oʻrinlarda turadi. Yildan yilga foydali qazilmalarni qazib olish koʻrsatkichlari oshib bormoqda, bu esa oʻz navbatida foydali qazilmalarning resurs va zaxiralari esa koʻpaytirib borishni talab etadi.

Shu bilan birga, erishilgan koʻplab yutuqlar qatorida mamlakatimiz

mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash borasida hal etilishi zarur boʻlgan koʻplab muhim muammo va vazifalar mavjud.

Muhtaram Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi “Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4740-son Qarori bilan 4 ta ilmiy-tadqiqot institutlari negizida zamonaviy taʼlim va ilm-fan klasteri – Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimidagi Geologiya fanlari universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-154-son Qarori bilan Geologiya fanlari universiteti tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy maktablarini rivojlantirish va chet el ITI bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida urgʻu berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi

PF-116-sonli “Maʼmuriy islohotlar doirasida togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida 2023-2025-yillarda mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish dasturi tasdiqlangan boʻlib, ilmiy-tadqiqot ishlarining aniq yoʻnalishlari va hajmi belgilab berilgan.

Ushbu anjumanning asosiy maqsadi yer qaʼrini geologik oʻrganish sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash, ilmiy yondashuvlar va ularni ishlab chiqarishga joriy etish bilan bogʻliq dolzarb muammolarni hal etish, mineral xomashyo bazasini mustahkamlash maqsadida iqtisodiy jihatdan samarali tadqiqotlarga boʻlgan talabni aniqlash, geologiya fanlari va togʻ-kon sanoati sohalaridagi uzoq muddatli ilmiy-tadqiqotlar istiqbolli rejasini belgilab olishdan iborat.

Anjuman tashkiliy qoʻmitasi nomidan Sizni 2024-yil 22-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Geologiya fanlari universiteti “Mineral resurslar instituti” DM tomonidan tashkil etilayotgan “Foydali qazilma konlarini geologik, mineralogik oʻrganish, ularni qazib olish, boyitish va foydali komponentlarini ajratib olish texnologiyalarining innovatsion yoʻnalishlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etishga taklif etamiz (Toshkent shahri, Oʻzbekiston).

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda respublikamizda geologiya va togʻ-kon sanoati sohalarini rivojlantirish, mavjud muammolarning ilmiy va amaliy jihatdan yechimini topish, geologiya va konchilik sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish kabi keng koʻlamli masalalarni muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

 

>>> Birinchi sirkulyar. Yuklab olish <<<

>>> Ikkinchi sirkulyar. Yuklab olish <<<