TOGʻ-KON SANOATI VA GEOLOGIYA VAZIRLIGI
GEOLOGIYA FANLARI UNIVERSITETI
"MINERAL RESURSLAR INSTITUTI" DAVLAT MUASSASASI


2026-yil 29-martdan 3-aprelga qadar Mineral resurslar instituti delegatsiyasi AQSHning Stemford shahrida joylashgan Syensqo tadqiqot markazida xizmat safarida bo‘ldi. Tashrifdan asosiy maqsad qiyin boyitiluvchi uglerodli rudalar va kritik mineral xomashyolarni flotatsion usulda qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or ilmiy-amaliy tajribani o‘rganish, yangi avlod reagentlaridan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qilish hamda o‘zaro texnologik hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashdan iborat bo‘ldi.

Taqdimot va texnologik tajriba almashinuvi

Uchrashuvlar davomida Mineral resurslar instituti va Syensqo kompaniyasi tomonidan o‘zaro taqdimotlar o‘tkazildi. Unda institutning ilmiy faoliyati, laboratoriya salohiyati va innovatsion ishlanmalari, Syensqo kompaniyasining esa foydali qazilmalarni boyitish, maxsus flotatsion reagentlar ishlab chiqish, analitik sinovlar va texnologik yechimlar yaratish borasidagi tajribasi taqdim etildi. Ayniqsa, ruda tarkibining mineralogik va moddiy xususiyatlaridan kelib chiqib individual reagent tanlash, jarayon parametrlarini optimallashtirish va yakuniy mahsulot sifatini oshirishga qaratilgan yondashuvlar alohida ahamiyat kasb etdi.

Delegatsiya a’zolari uchun flotatsion boyitish jarayonlari bo‘yicha malaka oshirish mashg‘ulotlari ham tashkil etildi. Mashg‘ulotlar davomida reagentlarni to‘g‘ri tanlash, ularni berish nuqtalari va konsentratsiyalarini aniqlash, flotatsiya jarayonining davomiyligi hamda texnologik ko‘rsatkichlarga ta’sir qiluvchi omillar yuzasidan nazariy va amaliy bilimlar berildi. Shuningdek, yangi turdagi reagentlar ishtirokida Denver flotatsion mashinasida tajribalar o‘tkazilib, zamonaviy flotatsion yondashuvlarning amaliy samaradorligi namoyish etildi.

Erishilgan natijalar

Muzokaralar yakunida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishildi:
✅Rudalarni boyitishda yuqori samarali flotatsion texnologiyalar va yangi turdagi reagentlarni qo‘llash;
✅Kritik mineral xomashyolarni qayta ishlashda zamonaviy gidrometallurgik yondashuvlardan foydalanish;
✅Ayrim amaliy tadqiqotlarni Mineral resurslar instituti Olmaliq tajriba-sinov va geoinnovatsion texnologiyalar markazi bazasida amalga oshirish;
✅Institut mutaxassislari uchun malaka oshirish kurslari va stajirovkalarni izchil davom ettirish.

Mazkur xizmat safari xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, texnologiyalar transferini jadallashtirish, boyitish jarayonlarida selektiv reagentlar va zamonaviy laboratoriya yondashuvlarini joriy etish, shuningdek foydali qazilmalarni qayta ishlash samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ldi. Bu hamkorlik kelgusida institutning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, ishlab chiqarish bilan integratsiyani kuchaytirish va zamonaviy qayta ishlash texnologiyalarini amaliyotga kengroq tatbiq etishga xizmat qiladi.
1
2
3