O‘zbekiston–Turkiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 5-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston–Turkiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. 170 dan ortiq tadbirkor va kompaniyalar vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash hamda istiqbolli yo‘nalishlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur forumda “Mineral resurslar instituti” davlat muassasasi nomidan institut mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda institut vakillarining qatnashuvi geologiya va mineral resurslar sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashish hamda o‘zaro muloqot maydonlarida faol ishtirok etish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuvlar davomida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, texnologiya transferi hamda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur forum O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, sanoat va investitsiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.