Mineral resurslar instituti” DMda 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda institut rahbariyati, ko‘p yillar davomida ilm-fan va ishlab chiqarish taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan mehnat faxriylari, shuningdek, yosh mutaxassislar ishtirok etdi. Ushbu uchrashuv avlodlar davomiyligi, ustoz-shogird an’analari hamda soha rivojiga fidoyilik bilan xizmat qilgan insonlarga yuksak hurmat ifodasi bo‘ldi.
Tadbirni institut direktori M.U. Isoqov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Xotira va qadrlash kunining mazmun-mohiyati, tinchlik va osoyishtalikning qadr-qimmati, keksa avlod vakillarining hayotiy tajribasi va mehnat maktabi bugungi yoshlar uchun muhim ibrat manbai ekanini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, M.U. Isoqov institutning bugungi faoliyati, amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, ishlab chiqarish bilan integratsiya qilingan loyihalar, yosh kadrlar salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu ma’lumotlar institutda uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar uchun ham alohida ahamiyat kasb etdi. Zero, ular umrining muhim qismini bag‘ishlagan ilmiy maskan bugun ham izchil rivojlanayotgani, yangi avlodlar tomonidan ularning mehnati munosib davom ettirilayotgani katta mamnuniyat uyg‘otadi.
"9-may — Xotira va qadrlash kuni bilan Sizlarni samimiy tabriklaymiz. Institut rivojiga qo‘shgan ko‘p yillik mehnatingiz, boy tajribangiz va fidoyiligingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorlik bildiramiz."— deidi M.U.Isoqv
Tadbir davomida institut faxriylari bilan samimiy suhbatlar tashkil etildi. Yosh mutaxassislar ular bosib o‘tgan ilmiy va mehnat yo‘li, sohadagi tajribalari hamda institut tarixiga oid xotiralari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Mazkur uchrashuv Xotira va qadrlash kunining asl mohiyatini — o‘tgan avlodlar xizmatini e’zozlash, bugungi tinch va barqaror hayot qadriga yetish, ilmiy meros va kasbiy an’analarni kelajak avlodlarga yetkazish kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etdi.



