Ko‘kpatas–Oqjetpes hududida atmogeokimyoviy tadqiqotlar olib borilmoqda

“Mineral resurslar instituti” davlat muassasasi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ hamkorligida amalga oshirilayotgan 1809-24-sonli loyiha doirasida Ko‘kpatas–Oqjetpes tog‘lararo botig‘ligida keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Mazkur tadqiqotlar institutning “Geokimyoviy tadqiqotlar” sektori mutaxassislari tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lib, ularning asosiy maqsadi yopiq hududlarda istiqbolli geologik pozitsiyalarni aniqlash hamda keyingi qidiruv ishlari uchun ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Atmogeokimyoviy tadqiqotlar foydali qazilma konlarini prognozlashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, ayniqsa, bevosita yer yuzasida aniq namoyon bo‘lmaydigan, yopiq va murakkab geologik sharoitga ega hududlarda istiqbolli maydonlarni ajratib ko‘rsatishda samarali usullardan biri hisoblanadi.
Dastlabki olingan natijalar asosida Ko‘kpatas–Oqjetpes hududida istiqbolli pozitsiyalar aniqlanib, joriy yilning aprel oyida “O‘zbekgeologiya” AJ tarkibidagi “Ko‘kpatas dala geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi” tomonidan olib boriladigan burg‘ilash ishlari uchun tegishli maydonlar belgilab berildi.
Hozirgi vaqtda loyiha doirasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari izchil davom ettirilmoqda. Olingan natijalar kelgusida hududning geologik salohiyatini yanada chuqurroq baholash, qidiruv ishlarini maqsadli tashkil etish hamda mineral-xomashyo bazasini kengaytirishga xizmat qiladi.

