
Korrupsiyaga qarshi kurashish: huquqiy bilim va psixologik barqarorlik uyg‘unligi
15-iyul kuni Mineral resurslar instituti tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, antikorrupsion dunyoqarash va murosasiz munosabatni shakllantirishga bag‘ishlangan o‘quv-seminari tashkil etildi. Unda institut hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.
Mashg‘ulotga yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Karimova Dilrabo Ergashovna, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Turayeva Dilnoza Rustambayevna hamda Kimyo xalqaro universiteti professori Turayeva Dilafruz Rustambayevna taklif etildi.
Seminar davomida korrupsiyaning mohiyati, kelib chiqish sabablari, uni yuzaga keltiruvchi ijtimoiy-huquqiy va psixologik omillar ilmiy-amaliy nuqtayi nazardan batafsil yoritildi. Shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining yangi bosqichi, qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlar, javobgarlik mexanizmlari hamda korrupsiyaviy xavflarning oldini olish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Mashg‘ulotning amaliy qismida korrupsiyaviy xavf mavjud bo‘lgan turli vaziyatlar tahlil qilindi. Xodimlarning bunday holatlarda o‘zini qanday tutishi, to‘g‘ri va mas’uliyatli qaror qabul qilishi hamda korrupsiyaviy xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan harakat algoritmlari trening shaklida namoyish etildi.
Ochiq muloqot va savol-javob ruhida o‘tgan seminar ishtirokchilarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, kasbiy halollik tamoyillariga sodiqligini oshirish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qildi.

