
“Navoiyuran” DKda hamkorlikdagi ilmiy loyihalar muhokama qilindi: “Mineral resurslar instituti” DM tadqiqot natijalari taqdim etildi
“Navoiyuran” DK Ilmiy-texnik kengashida “Mineral resurslar instituti” DM bilan hamkorlikda olib borilayotgan loyihalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda uran, vanadiy, mis, reniy va kamyob yer elementlarini ajratib olishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, laboratoriya natijalari hamda yiriklashtirilgan tajribalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda “Navoiyuran” DK va “Mineral resurslar instituti” DM mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi. Institut tomonidan direktor M.U. Isoqov hamda Biotexnologiya va gidrometallurgiya laboratoriyasi boshlig‘i R.S. Alimov qatnashdi.
Koscheka va Ma’danli konlari bo‘yicha yiriklashtirilgan tajribalar
Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri 5-2025-sonli “Ma’danli va Koscheka konlarining ma’danlarini uyumda tanlab eritish bo‘yicha yiriklashtirilgan tajribalari” loyihasi doirasida bajarilgan ishlar bo‘ldi.
Tadqiqotlar davomida Koscheka va Ma’danli konlari ma’danlarini uyumda tanlab eritish bo‘yicha yiriklashtirilgan tajribalar amalga oshirildi. Aglomeratni boshlang‘ich namlantirish jarayonlari o‘rganilib, 5,0 l/(m²·soat) sug‘orish rejimida erituvchi eritmaning shtabel bo‘ylab bir tekis taqsimlanishi hamda barqaror filtratsiya rejimi ta’minlanishi aniqlandi.
Shuningdek, mahsuldor eritmalardan uranni ajratib olish maqsadida D201U markali kuchli asosli anionit ishtirokida sorbsiya jarayonlari o‘tkazildi. 3 bosqichli kaskad sxema bo‘yicha olib borilgan jarayonda uranning sorbsiya darajasi Koscheka koni uchun 97,5–100 %, Ma’danli koni uchun esa 99,2–100 % ni tashkil etdi.

Chiqindixonalarni qayta ishlash imkoniyatlari tahlil qilindi
Yig‘ilishda 08-01/1-2026-sonli loyiha doirasida “Gafurovskoye”, “Karta-1–9” va “Digmayskoye” chiqindixonalarining chiqindi materiallarini qayta ishlash bo‘yicha laboratoriya tadqiqotlari ham ko‘rib chiqildi.
Tadqiqotlarda agitatsion karbonat-ishqoriy hamda sulfat kislotali tanlab eritish usullari sinovdan o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, “Gafurovskoye” chiqindilari uchun karbonat-ishqoriy tanlab eritish usuli, “Karta-1–9” va “Digmayskoye” chiqindilari uchun esa sulfat kislotali tanlab eritish usuli maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.
Tavsiya etilgan texnologik parametrlar bo‘yicha uran ajralib chiqishi “Gafurovskoye” chiqindilari uchun 50,3 %, “Karta-1–9” chiqindilari uchun 50,3 %, “Digmayskoye” chiqindilari uchun esa 43,4 % ni tashkil etdi. Shu bilan birga, mazkur chiqindilarni faqat uran ajratib olish maqsadida sanoat miqyosida qayta ishlash ayni bosqichda iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emasligi qayd etildi.
Qora slanets turidagi ma’danlar bo‘yicha ishlar davom ettiriladi
Ilmiy-texnik kengashda 1-2024-sonli “Uran, vanadiy, mis va reniyni ajratib olish bilan Ma’danli va Koscheka konlarining qora slanets turidagi ma’danlarini qayta ishlash kompleks texnologiyasini ishlab chiqish” loyihasi natijalari ham muhokama qilindi.
Ushbu yo‘nalishda qora slanets turidagi ma’danlarni kompleks qayta ishlash bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy tajriba tahlil qilingan, namunalarning moddiy tarkibi o‘rganilgan hamda qimmatli komponentlarni ajratib olishga qaratilgan tanlab eritish usullari laboratoriya sharoitida tadqiq etilgan.
Muhokama yakunida yo‘ldosh metallarni ajratib olish ishlarini 5-2025-sonli loyiha doirasida olinayotgan sanoatga yaqin tarkibli eritmalarda davom ettirish maqsadga muvofiq deb topildi.
Yig‘ilish yakunida “Mineral resurslar instituti” DM tomonidan 5-2025-sonli “Koscheka va Ma’danli konlari ma’danlarini uyumda tanlab eritish bo‘yicha yiriklashtirilgan tajribalari” loyihasi kalendar rejasining 2.5-bandi texnik topshiriq talablariga muvofiq bajarilgan deb hisoblandi.