TOGʻ-KON SANOATI VA GEOLOGIYA VAZIRLIGI
GEOLOGIYA FANLARI UNIVERSITETI
"MINERAL RESURSLAR INSTITUTI" DAVLAT MUASSASASI (MRI)

 1

Xalqaro ilmiy maydonga yo‘l: MRIda ilmiy maqolalar, reyting va nufuzli bazalar bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi

“Mineral resurslar instituti” DMda ilmiy izlanishlar natijalarini xalqaro miqyosda munosib namoyon etish, tadqiqotchilarning nufuzli ilmiy bazalar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ilmiy maqolalarni sifatli tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Seminar Geologiya fanlari universiteti Geoinnovatsion texnologiyalar markazi yetakchi ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori N.A. Rustamova tomonidan “Xalqaro ilmiy maydonda muvaffaqiyat sari: bazalar, reyting va maqolalar” mavzusida olib borildi.

Tadbir davomida ilmiy xodimlar uchun xalqaro ilmiy maydonda samarali faoliyat yuritishning amaliy jihatlari, maqola tayyorlash jarayonida e’tibor berilishi zarur bo‘lgan talablar hamda olimning ilmiy reytingini shakllantiruvchi asosiy mezonlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, seminar-treningda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:
➡️xalqaro ilmiy bazalar — Scopus va Web of Science tizimlari bilan ishlash tartibi;
➡️yuqori reytingli jurnallarni tanlash mezonlari va nashr yo‘nalishiga mos jurnal topish usullari;
➡️ ilmiy maqola yozish madaniyati, mavzuni to‘g‘ri ochib berish va materialni nashr talablariga mos tayyorlash;
➡️ impakt faktor va citation ko‘rsatkichlarining ilmiy faoliyatdagi ahamiyati;
➡️ soxta yoki sifatsiz jurnallardan ehtiyot bo‘lish, nashr tanlashda ishonchli manbalarga tayanish;
➡️ olimlar reytingini shakllantirish mexanizmlari, muallif profili va ilmiy ko‘rsatkichlarni yuritish tartibi;
➡️ xalqaro ilmiy hamjamiyatda tanilish uchun maqola sifati, dolzarbligi va iqtibos keltirilish darajasini oshirish yo‘llari.

Seminarda ilmiy maqola faqatgina tadqiqot natijasini bayon etuvchi matn emas, balki olimning ilmiy salohiyati, metodologik yondashuvi va tadqiqot madaniyatini xalqaro auditoriyaga namoyon qiluvchi muhim vosita ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, ishtirokchilarga maqola mavzusini jurnal yo‘nalishi bilan uyg‘unlashtirish, annotatsiya va kalit so‘zlarni to‘g‘ri shakllantirish, adabiyotlar bilan ishlash, iqtibos berish qoidalari hamda ilmiy profilni muntazam yuritish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.



Mazkur seminar-trening “Mineral resurslar instituti” DMda ilmiy faoliyat sifatini oshirish, tadqiqotchilarning xalqaro nashrlardagi faolligini kuchaytirish hamda institut ilmiy ishlanmalarini jahon ilmiy hamjamiyatiga yanada tizimli taqdim etish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi.