TOGʻ-KON SANOATI VA GEOLOGIYA VAZIRLIGI
GEOLOGIYA FANLARI UNIVERSITETI
"MINERAL RESURSLAR INSTITUTI" DAVLAT MUASSASASI

2025 yil 28 avgust kuni Mineral resurslar institutida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Institut direktori Isoqov Maqsud Uzoqovich oʻz nutqida mustaqillikning har bir jabha uchun bergan imkoniyatlari haqida toʻxtalib, oʻtgan davr qiyinchiliklarini esga oldi:

"Bir paytlar moddiy va maʼnaviy jihatdan ogʻir ahvolda edik, qoʻlimiz bogʻlangan edi. Bugun esa Prezidentimiz tomonidan yaratilgan sharoit tufayli geologiya sohasida butunlay yangi bosqichga chiqdik", – dedi u.

Ilmiy-tadqiqot faoliyati koʻlamlari
Institutda 2025 yilning 8 oyida jami 97 ta ilmiy-tadqiqot loyihasi amalga oshirildi. Shulardan:

17 ta loyiha – Davlat dasturi doirasida,
5 ta loyiha – respublika va xalqaro grantlar,
90 ta loyiha – sanoat korxonalari buyurtmalari asosida bajarildi.

Tadqiqotlar jarayonida 2 500 ta geokimyoviy namuna tahlili, 8 000 ta analitik tadqiqotlar, 3 700 ta texnologik sinov, 130 ta fond hisobotlari oʻrganilishi hamda 7 ta maydonda qayta baholash ishlari amalga oshirildi.

Yangi geologik xaritalar va istiqbolli maydonlar
Institut mutaxassislari tomonidan respublika hududining 1:200 000 miqyosli raqamli geologik xaritasi uchun asos legendalarini tuzildi. Janubiy Oʻzbekiston boʻyicha 1:100 000 miqyosli tektonik va kosmostrukturaviy xaritalar yaratildi.

Molgʻuzar togʻlarida 3 ta istiqbolli maydon ajratildi. Shuningdek, Surxontov hududi uchun 3D geologik model ishlab chiqilmoqda.

Texnologik yangiliklar
2025 yilda oltin, kamyob metallar, vismut, qora metallar va magniy maʼdanlari boʻyicha keng koʻlamli texnologik tadqiqotlar oʻtkazildi. Masalan, Hayotboshi oltin konida flotatsiya usuli natijasida oltinning ajralishi 68,4 % ni tashkil etdi. Arabband va Mangʻit maydonlarida niobiy va tantal maʼdanlari boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga erishildi.

"Bugun biz maʼdanlarni qayta ishlashning eng samarali texnologik sxemalarini yaratish yoʻlida ishlayapmiz. Ilgari bunga qodir emas edik, ammo bugun laboratoriyalarimiz dunyo darajasiga chiqdi", – deya taʼkidladi direktor.

Xalqaro hamkorlik
Institut xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Xususan, Koreya mineral resurslari instituti (KIGAM) bilan nodir metallar boʻyicha tadqiqotlar, Xitoy geologiya xizmati bilan esa Molgʻuzar togʻlarida 1:50 000 miqyosli geokimyoviy izlanishlar amalga oshirildi.

Ilmiy salohiyat va nashrlar
Hozirgi kunda institutda 305 nafar xodim faoliyat yuritmoqda, ulardan 108 nafari – ilmiy xodimlar. 2025 yil davomida institut olimlari 90 dan ziyod maqola chop etdi, shundan 6 tasi Scopus va Web of Science bazalarida eʼlon qilindi. Shuningdek, 10 ta intellektual mulk obyekti rasmiy roʻyxatdan oʻtkazildi.

Yoshlar uchun yangi tashabbus
Tadbir davomida institut direktori yana bir muhim tashabbusni ilgari surdi. U yoshlar, jumladan talabalar va magistrantlarning ilmiy faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida maxsus Yoshlar fondini tashkil etish boʻyicha topshiriq berdi.

"Kelajagimiz yoshlarning qoʻlida. Ularning ilmga boʻlgan qiziqishini kuchaytirish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun yangi tizim yaratishimiz zarur. Yoshlar uchun imkoniyat boʻlsa, natija ham boʻladi", – деди direktor.

Xulosa
34 yillik mustaqillik tantanalari doirasida institutning hisoboti uning geologiya va mineral resurslar sohasidagi strategik ahamiyatini namoyon etdi. Direktor M.Isoqov taʼkidlaganidek:

"Mustaqillik yillarida bizning sohamizda haqiqiy qayta tugʻilish davri boshlandi. Bu imkoniyatni bizga yaratgan davlatimiz rahbariyati va tinmay mehnat qilayotgan olimlarimizga minnatdorchilik bildiraman."