TOGʻ-KON SANOATI VA GEOLOGIYA VAZIRLIGI
GEOLOGIYA FANLARI UNIVERSITETI
"MINERAL RESURSLAR INSTITUTI" DAVLAT MUASSASASI (MRI)

Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, soha uchun ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish va mutaxassislar tayyorlash maqsadida, institutimiz hamda yurtimizning yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) o‘rtasida rasmiy hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu memorandum doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi belgilab olindi:

  • Qo‘shma ilmiy loyihalar: Institutimiz olimlari, ilmiy izlanuvchilari hamda OKMK mutaxassislari hamkorligida geologiya, mineralogiya va konchilik sohasidagi dolzarb muammolarni yechishga qaratilgan innovatsion va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib boriladi.
  • Amaliyot va tajriba almashish: Yosh mutaxassislar va tadqiqotchilarimiz o‘z ilmiy xulosalarini bevosita kombinatning yirik ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarida sinovdan o‘tkazish hamda tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
  • Texnologik hamkorlik: Ilmiy xodimlarning bevosita korxonada zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishishi va fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
  • Maqsadli kadrlar tayyorlash: OKMK tizimi uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali ilmiy va amaliy kadrlarni tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib boriladi.

Bu kabi amaliy hamkorliklar ilm-fan yutuqlarini bevosita ishlab chiqarishga joriy etishda va iqtisodiyotimiz tayanchi bo‘lgan kon-metallurgiya sohasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Kelgusidagi qo‘shma loyihalarimiz va kutilayotgan ilmiy yutuqlarimizni kuzatishda davom eting!