TOGʻ-KON SANOATI VA GEOLOGIYA VAZIRLIGI
GEOLOGIYA FANLARI UNIVERSITETI
"MINERAL RESURSLAR INSTITUTI" DAVLAT MUASSASASI (MRI)

Ilm-fan va dala amaliyoti uyg‘unligi: MRI DM vakillari Hisor ekspeditsiyasida sayyor qabul o‘tkazdi
1
2026-yil 30-iyun kuni Kitob shahrida joylashgan “O‘zbek geologiya qidiruv” AJga qarashli Hisor markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi tashkilotlar hamda tarmoq korxonalari mutaxassislari ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.

???? Tadbir Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2026-yil 13-apreldagi 41-buyrug‘i bilan tasdiqlangan 2026-yil uchun eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari, ya’ni KPI vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi. Mazkur vazifa doirasida vazirlik tizimidagi tashkilotlar va tarmoq korxonalari mutaxassislarini “MRI” DM faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularni qiziqtirayotgan muammoli masalalarni muhokama qilish hamda ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish amaliyoti o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash belgilangan.

⚡️ Sayyor qabulni tashkil etish ishlari Hisor markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi bosh geologi M.T. Shodiqulov boshchiligida amalga oshirildi. Tadbirda “MRI” DM ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari v.b. M.Sh. Axmedov institut faoliyati, bugungi kunda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot loyihalari, ularning amaliy natijalari, zamonaviy tahliliy yondashuvlar hamda ishlab chiqilayotgan texnologik yechimlar haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda Hisor markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi hamda Qashqadaryo dala ekspeditsiyasi xodimlari ishtirok etdi. Mutaxassislarga “MRI” DM tomonidan amalga oshirilayotgan geologik tadqiqotlar, foydali qazilma konlarini o‘rganish, geologik xaritalash, analitik tadqiqotlar, mineralogik va texnologik ishlanmalar, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘nalishida bajarilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha axborot berildi.

Muloqot davomida ekspeditsiya mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega qator savollar ko‘tarildi. Xususan, Qashqadaryo dala ekspeditsiyasi bosh geologi Z.G‘. Sattorov kamyob metallarni ajratib olish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy natijalar va ularning ishlab chiqarish amaliyotidagi samaradorligi yuzasidan savollar bilan murojaat qildi.

Shuningdek, Hisor markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi geologiya bo‘limi yetakchi geologi T.N. To‘rayev “MRI” DM tomonidan yangilanayotgan geologik xaritalar, metodik qo‘llanmalar, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uslubiyati hamda normativ hujjatlardagi yangiliklar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

Ishtirokchilar institutning Analitik tadqiqotlar markazi imkoniyatlari, xususan, kimyoviy tahlil turlari, mineralogik va texnologik tadqiqotlar, yerni masofadan zondlash ma’lumotlaridan foydalanish, shuningdek, xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ham savollar berdi.

“MRI” DM vakillari tomonidan mutaxassislarning savollariga batafsil javoblar berildi. Shu bilan birga, dala geologiya-qidiruv jarayonida uchrayotgan dolzarb masalalar, ularning ilmiy-metodik yechimlari hamda kelgusida yo‘lga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida “MRI” DM tomonidan dala geologiya-qidiruv ekspeditsiyalariga geologik xaritalar, normativ hujjatlar, yerni masofadan zondlash materiallari hamda analitik tadqiqot turlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etishga kelishildi.



Mazkur sayyor qabul ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, geologiya-qidiruv sohasida mavjud amaliy masalalarni bevosita joylarda o‘rganish hamda “MRI” DM ilmiy salohiyatidan tarmoq korxonalari ehtiyojlari yo‘lida samarali foydalanishga xizmat qiladi.



3