O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari, matbuot kotiblari va yuridik xizmat xodimlari uchun “Huquqiy axborotni tayyorlash, tarqatish va manzilli yetkazish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” (2026-yil) ishlab chiqildi.
Nima o‘zgaradi? Endi qonunchilik hujjatlari “barcha uchun bir xil” qolipda emas, balki aholining yoshi va ijtimoiy toifasiga (yoshlar, tadbirkorlar, pedagoglar, keksalar va b.) moslashtirilib, sodda hamda xalqchil tilda yetkaziladi.
Asosiy yangiliklar:
Kontent pasporti: Har bir muhim hujjat uchun maqsadli auditoriya, tarqatish kanali va kutilayotgan natija oldindan belgilanadi.
Tezkorlik va aniqlik: Muhim hujjat e’lon qilinganidan so‘ng 3 ish kuni ichida birinchi kontent joylashtiriladi va Lex.uz rasmiy havolasi beriladi.
Inklyuzivlik: Tayyorlanayotgan materiallarning kamida 20 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun (subtitr, audio, imo-ishora tili) moslashtiriladi.
Zamonaviy format: Ijtimoiy tarmoqlar (Telegram, Instagram, YouTube, Facebook) auditoriyasiga mos qisqa videolar, infografika va hayotiy savol-javoblarga ustuvorlik beriladi.
Mazkur qo‘llanma rasmiy axborotlarning har bir fuqaroga tushunarli va o‘z vaqtida yetib borishiga xizmat qiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi