TOGʻ-KON SANOATI VA GEOLOGIYA VAZIRLIGI
GEOLOGIYA FANLARI UNIVERSITETI
"MINERAL RESURSLAR INSTITUTI" DAVLAT MUASSASASI (MRI)

Joriy yilning 28-oktabridan 4-noyabrgacha FQKB bo‘limi boshlig‘i M.M. Mirхamdamov hamda GT sektori boshlig‘i O‘.A. Xafizov rahbarligida G‘arbiy O‘zbekistonning Auminzatau tog‘lari va Adjibugut konining yopiq hududlarida muhim ilmiy-amaliy tadqiqotlar amalga oshirildi. Mazkur jarayonda Rossiya Federatsiyasining Rangli va asil metallar markaziy ilmiy-tadqiqot geologiya-qidiruv instituti (TSNIGRI) vakillari ham bevosita ishtirok etdilar.


Tadqiqotning asosiy yo‘nalishi: Ishlar "G‘arbiy O‘zbekistondagi etalon obyektlarni o‘rganish va tajriba-uslubiy izlanishlarga asoslanib, yopiq hududlarda ma’danli foydali qazilmalarga istiqbolli maydonlarni bashoratlash maqsadida geologik qidiruv ishlarini olib borish uchun vaqtinchalik geokimyoviy uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish" mavzusi doirasida bajarildi.


Asosiy maqsad va vazifalar:
Yopiq hududlarda yashirin ma’danlashuvni aniqlashga qaratilgan zamonaviy geokimyoviy va atmogeokimyoviy usullarni sinovdan o‘tkazish;
Ularning samaradorligini baholash va istiqbolli maydonlarni bashoratlashda qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish;
Yashirin ma’danlashuvning geokimyoviy belgilarini aniqlash, kimyoviy elementlarning tarqalish qonuniyatlarini baholash va tuzli oreollarini xaritalash.


Natijalar va istiqbollar: Dala ishlari davomida qo‘llanilayotgan tadqiqot usullarining axborot berish imkoniyatlari, tashkiliy parametrlari va olingan natijalarni geologik-geokimyoviy jihatdan talqin qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ushbu qo‘shma tajriba-uslubiy ishlar ikki tashkilot mutaxassislari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, geokimyoviy qidiruv usullarini yanada takomillashtirish hamda yopiq hududlarda yashirin ma’danlarni aniqlash bo‘yicha samarali metodik yondashuvlarni ishlab chiqishda muhim qadam bo‘ldi.