TOGʻ-KON SANOATI VA GEOLOGIYA VAZIRLIGI
GEOLOGIYA FANLARI UNIVERSITETI
"MINERAL RESURSLAR INSTITUTI" DAVLAT MUASSASASI (MRI)

“Navoiy KMK” AJ, “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ hamda “Mineral resurslar instituti” DMning “Geologik-strukturaviy xaritalash va biostratigrafiya” sektori xodimlari tomonidan xoʻjalik shartnoma mavzusi 1795-24-sonli “Charmitan konining janubi-sharqiy qismida joylashgan 15- va 26-oltin maʼdan tanalarining chuqur gorizontlarida geologik-strukturaviy joylashuvi, moddiy tarkibi hamda sanoat ahamiyatini oʻrganish” boʻyicha dala geologik tadqiqot ishlari olib borildi.
Dala tadqiqotlari davomida burgʻu quduqlaridan mineralogik-petrografik tahlillar uchun kern namunalari, shlif, anshlif va protolochka namunalari tanlab olindi. Yigʻilgan dala materiallari asosida maʼdan tanalarining tarqalish qonuniyatlari, oltin maʼdanli minerallashuvning togʻ jinslari va tektonik strukturalar bilan bogʻliqligi hamda minerallashuvni nazoratlovchi asosiy geologik omillar oʻrganildi.


Kameral va tematik ishlar natijasida tanlangan namunalarning mineralogik-petrografik (shlif, anshlif) va elektron-mikroskopik tahlillari amalga oshirildi. Tahlillar natijasida granosiyenitlarda kvars-sulfidli minerallashuvning keng tarqalganligi, tektonik yoriqlarning sulfid minerallari bilan toʻldirilganligi hamda kvars tomirlarida pirit va arsenopirit minerallashuvi qayd etildi. Elektron-mikroskopik tadqiqotlar natijasida pirit va arsenopirit minerallari bilan bogʻliq mayda dispersli sof oltin minerallashuvi aniqlandi.
Olingan natijalar asosida 15- va 26-oltin maʼdan tanalarining geologik-strukturaviy joylashuv sharoitlari, mineralogik-moddiy tarkibi va oltin maʼdanli minerallashuvning shakllanish qonuniyatlarini oʻrganish boʻyicha tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.