TOGʻ-KON SANOATI VA GEOLOGIYA VAZIRLIGI
GEOLOGIYA FANLARI UNIVERSITETI
"MINERAL RESURSLAR INSTITUTI" DAVLAT MUASSASASI

Mineral resurslar institutida korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Kontragentlarni tekshirish bo‘yicha Yo‘riqnoma” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir institutning komplaens xodimi U. Raupov hamda bosh huquqiy maslahatchi Sh. Odinaeva tomonidan o‘tkazildi.

Mazkur davra suhbatida Buxgalteriya, Iqtisodiyot va moliyalashtirish bo‘limi xodimlari hamda Xaridlar bo‘yicha agent (I-toifali) ishtirok etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar “Kontragentlarni tekshirish bo‘yicha Yo‘riqnoma” bilan tanishtirildi hamda quyidagi muhim masalalar muhokama qilindi:
normativ-huquqiy baza va ichki reglamentlar;
hujjatlarning standart ro‘yxatini tasdiqlash (ta’sis hujjatlari, reyestrdan ko‘chirma, imzolovchi shaxsga oid hujjatlar);
kontragentlarni ochiq manbalar orqali tekshirish algoritmlari (soliq organlari, sud ijrochilari saytlaridan foydalanish, xaridlar bo‘limi xodimi tomonidan chek varaqasini to‘ldirish, reyestrlar bilan ishlash);
shartnomalar bilan ishlashdagi xavf-xatarlar;
tartibga rioya qilmaslik uchun xodimlar javobgarligi.

Shuningdek, kontragentlarni tekshirish natijalarini hujjatlashtirish tartibi batafsil tushuntirildi, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi. Shartnomalar tuzish jarayonida mazkur Yo‘riqnomani qo‘llash majburiy etib belgilandi.

Ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishda kontragentlarni puxta tekshirish moliyaviy, soliq hamda institutning obro‘-e’tiboriga oid xavf-xatarlarni kamaytirishga xizmat qiladi.