LABORATORIYANING ASOSIY VAZIFALARI
-O‘zbekiston qimmatbaho, rangli va qora metallar konlarida olib borilayotgan geologiya-qidiruv ishlarining barcha bosqichlarida ma’danlarning texnologik tadqiqotlarini olib borish;
-turli ma’danlardan kichik hajmli texnologik namuna olish;
-tarkibida oltin, kumush, marganes, volfram, mis, qo‘rg‘oshin, rux, molibden va boshqa metallar bo‘lgan ma’danlarni gravitasiya, flotasiya, magnitli separasiya va boshqa usullarni qo‘llab boyitishning rasional sxemalarini ishlab chiqish;
-har xil turdagi ma’danlarni pirometallurgik qayta ishlash sxemalari va shartlarini ishlab chiqish (oksidlovchi, magnitlovchi, sulfatlovchi kuydirish);
-oltin, oltin-kumush va boshqa turdagi ma’danlarni gidrometallurgik qayta ishlash sxemalari va sharoitlarini ishlab chiqish (sorbsiya va bevosita sianlash, ishqor va kislotada qayta ishlash, oltin va kumush uchun rasional tahlil);
-oltin va oltin-kumush ma’danlarini qayta ishlash uchun g‘aramda sianidlash usulidan foydalanish imkoniyatini o‘rganish;
-boyitmalar sifatini oshirish va qimmatbaho metallarni ajratib olish uchun sanoatda ishlatiladigan an’anaviy reagentlar o‘rnini bosuvchi mahalliy xomashyo asosida tayyorlangan tanlab ta’sir qiluvchi reagentlar yoki boshlang‘ich sirt faol qo‘shimchalarni ishlab chiqish va laboratoriya sinovlarini o‘tkazish;
-ma’danlarni boyitish va gidrometallurgik qayta ishlash vaqtida olingan oqava suvlarni zararli aralashmalardan tozalash usullarini ishlab chiqish.

LABORATORIYADA OLB BORILADIGAN ILMIY TADQIQOTLAR
Akba konining oltin saqlovchi ma’danlari boyitiluvchanligini o‘rganish;
Besapantau maydonida oltin saqlovchi ma’danlarning texnologik tadqiqotlari;
Jasaul maydoni oltin saqlovchi ma’danining kichik hajmli texnologik namunasining tadqiqotlari;
Shimoliy Daugiztau maydoni oltin saqlovchi ma’danining ikkita kichik hajmli namunalarini boyitiluvchanligini o‘rganish;
Oltin Diyor maydoni oltin saqlovchi ma’danlarining texnologik tadqiqotlari;
Yangi Davon konining oltin saqlovchi birlamchi ma’dani tadqiqotlari;
Qizilolma konining Mejdurechye maydoni oltin saqlovchi ma’danlarining texnologik tadqiqotlari;
Qizilolmasoy konining Tuyachavul hududi oltin saqlovchi ma’danlarining boyitiluvchanligini o‘rganish;
Nijnekauldinskaya hududining Miskan maydonidan olingan porfirli mis ma’danlari namunasining texnologik tadqiqotlari;
“Yoshlik I” konining balans va balansdan tashqari ma’danlaridan mis va oltinning ajratib olinishini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari;
Yoshlik II koni porfirli mis ma’danlari namunalari boyitiluvchanligini o‘rganish;
Qimmatbaho komponentlarni ajratib olinishini ko‘paytirish imkoniyatlarini hisobga olgan holda Xondiza va Chinorsoy konlari ma’danlarining moddiy tarkibini o‘rganish va texnologik xossalarini aniqlash;
Angren kon boshqarmasi obyektlari oltin saqlovchi ma’danlarining texnologik tadqiqotlari;
Marjonbuloq oltin ajratib olish sexi qoldiqlaridan qimmatbaho komponentlarni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish;
2-GMZ tarkibida oltin saqlovchi ma’danlarni qayta ishlash jarayonida qo‘shimcha volfram boyitmasini olish texnologiyasini ishlab chiqish tadqiqotlari;
Uglerodli ma’danlarda oltinning uchrash shakllarini o‘rganish hamda organik uglerod bilan bog‘langan oltinni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish;
Toshqazgan koni ma’danidan elektrotexnika, metallurgiya va kimyo sanoatida foydalanishga yaroqli bo‘lgan grafit boyitmasini olish texnologiyasini ishlab chiqish

ILMIY TADQIQOT NATIJALARI
So‘nggi 5 yillikda laboratoriya 4 ta davlat byudjeti va 25 ta shartnoma loyihalari doirasida tadqiqotlar o‘tkazgan.
1. «O‘zbekiston namoyonlari va ma’danli foydali qazilmalarini yalpi qayta ishlashning samarali texnologiyalarini ishlab chiqish» mavzusidagi loyiha doirasida tarkibida volfram saqlovchi Xojadik va Ingichka boyitish fabrikasi 1-chiqindixonasining volfram saqlovchi chiqindilarinining texnologik tadqiqotlari olib borilgan va tavsiya etiladigan sxemalar ishlab chiqildi.
2. «O‘zbekistonning qazib olinayotgan konlari ma’danlari va chiqindilarini samarali qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish» loyihasi doirasida tarkibida oltin saqlovchi Muruntau, Gʻujumsoy, Charmitan konlari chuqur gorizontlari ma’danlari, Kokpatas va Daugiztau konlari balansdan tashqari ma’danlarini qayta ishlashning samarali texnologik sxemalari ishlab chiqildi.
3. «Sanoatda foydalanishga tayyorlanayotgan asl va polimetallar konlari ma’danlari foydali komponentlarining aniqlanish shaklini o‘rganish va qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish» loyihasi doirasida tarkibida oltin bo‘lgan Tuyachavul va Kokpatas koni ma’danlari bo‘yicha tadqiqotlar olib borildi va ma’danlarni qayta ishlashning optimal sxemasi ishlab chiqildi.
4. «Sanoatda foydalanishga tayyorlanayotgan asl va polimetallar konlari ma’danlari foydali komponentlarining aniqlanish shaklini o‘rganish va qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish» loyihasi doirasida tarkibida oltin va kumush bo‘lgan Cholcharatau, Lolazor, Kumbogut, Bayram va Qoratog‘ota maydonlari va namoyonlari ma’danlarining texnologik tadqiqotlari o‘tkazish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
5. Shartnoma asosida so‘nggi 5 yil mobaynida Akba, Besapantau, Djasaul, Shimoliy Daugiztov, Taskazgan, Tashkan, Oltin Diyor, Yangidavon, Yujnыy-1, Tuyachavul, Miskan, Nijnekenjasay, Tebinbuloq, Amantaytau, Qalmoqqir, Marjonbuloq va boshqa ob’yektlar bo‘yicha texnologik tadqiqotlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari Olmaliq va Navoiy kon metallurgiya kombinatlari va “MRI” DM o‘rtasida geologiya fanlarini rivojlantirish Yo‘l xaritalariga muvofiq Angren kon boshqarmasi ob’yektlari, Xandiza va Chinorsoy polimetall konlari ma’danlari, GMZ-2 boyitish chiqindilaridan qo‘shimcha volfram boyitmasini olish, murakkab tarkibli Qoraqo‘ton, Adjibugut, Umid va Amantaytau konlari uglerodli ma’danlari tadqiqotlari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazildi va yuqori ko‘rsatkichlar bilan yakunlandi.
Bundan tashqari, 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligining ilmiy faoliyat bo‘yicha davlat dasturi doirasida innovatsion loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi. Ushbu loyihani bajarish natijasida Toshqazgan koni grafit ma’danidan kuydirish qoldig‘i 0,74%ni tashkil etuvchi yuqori sifatli grafit boyitmasini olish texnologiyasini ishlab chiqishga erishildi.
